Tanzila Narbayeva AQSH Kongressi delegatsiyasi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva AQSH Kongressi Vakillar palatasi aʼzolaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi. Muloqotda parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston hududlari va AQSH shtatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri munosabatlarni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva AQSH Kongressi Vakillar palatasi kongressmenlari Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Tomonlar Oʻzbekiston Oliy Majlisining parlamentlararo guruhi va AQSH Kongressi oʻrtasidagi aloqalar, shuningdek, AQSH Kongressidagi «Oʻzbekiston boʻyicha kokus» faoliyati ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda muhim oʻrin tutayotganini qayd etdi. Parlament diplomatiyasi orqali dolzarb masalalarni muhokama qilish va oʻzaro manfaatli yechimlarni topish hamkorlikning samarali mexanizmlaridan biri ekani taʼkidlandi. Muloqot davomida parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish va parlament qoʻmitalari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Oʻzbekiston hududlari va AQSH shtatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda oʻzaro manfaatli investitsiyaviy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash istiqbollari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, mehnat munosabatlari va gender tenglik masalalariga toʻxtalib oʻtilib, ushbu yoʻnalishlarda tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligi taʼkidlandi.